Huawei’ga qarshi dunyo, internet biznesida o‘zini sinab ko‘rayotgan Ilon Mask va «Yandeks»dan yangilik

Huawei'ga qarshi dunyo, internet biznesida o‘zini sinab ko‘rayotgan Ilon Mask va  «Yandeks»dan yangilik

Yakunlanib borayotgan hafta davomida texnologiya va biznes olamida bir-biridan qiziqarli, ayrim hollarda tahdidli o‘zgarishlar yuz berdi.

SpaceX va yo‘ldoshli internet

Ilon Mask ancha paytdan beri butun dunyoni tezkor internet bilan ta’minlashni istardi. SpaceX kompaniyasi 500 million dollarga moliyalashtirgan Starlink loyihasiga ko‘ra, Yer yuzini uzluksiz internet bilan ta’minlay oladigan to‘lqin qoplama uchun 12 ming dona sun’iy yo‘ldosh orbitaga uchiriladi. Ularning 60tasi 26 may kuni belgilangan manzilga yuborildi.

Aslida bir qancha kompaniyalar allaqachon yo‘ldoshli uzatma orqali internet xizmatlarini ko‘rsatib keladi. Ularning sun’iy yo‘ldoshlari Yer sathidan 35 ming km balandlikda harakatlanadi. SpaceX kompaniyasi taqdim etayotgan loyihaning farqli jihati shundaki, Starlink yo‘ldoshlari Yerdan 340-1150 km balandlikdagi masofaga yuborilmoqda. Bu ma’lumotlar almashinuvidagi to‘xtalishlarni kamaytirib, internet sifatini optik tolali uzatmaga tenglashtiradi.

Ilon Maskning ta’kidlashicha, yo‘ldoshli internet orqali kompaniya 30 milliard dollar daromad qilishni ko‘zlamoqda va bu pullar SpaceXning boshqa maqsadli loyihalarini amalga oshirish uchun sarflanadi.

Huawei hammaga qarshi

Texnologik sovuq urush boshlandi, deb jar solmoqda NYT jurnalisti. AQSh Xitoyning texnogigant kompaniyasiga tahdid qilgan bo‘lsa, Huawei  joriy haftada undan ham kattaroq muammoga duch keldi.

Gap shundaki, Google Huawei bilan hamkorlikni to‘xtatib, dasturiy ta’minot, texnik xizmatlar va uskunalarni berishni taqiqladi. Bunga sabab —  Huawei’ning amalda AQSh sanksiyasiga duchor bo‘lgani ko‘rsatilmoqda. Alohida ta’kidlash kerakki, sanksiya bo‘yicha ta’sir choralar Huawei vositasiga ega iste’molchilarga taalluqli emas.

Endilikda Huawei aloqa vositalari orqali Android operatsion tizimini yangilash mushkul ish bo‘lib, Gmail, Google Play, Google Maps va Youtube portaliga ulanish qiyin bo‘ladi. Huawei muqobil yechim sifatida o‘zining platformasini ishga tushirish ustida ish olib borayotganiga qaramay, Android tizimi o‘rnatilmagan smartfonlar sotuvi ham qiyin kechishi mumkin.

Bundan tashqari Huawei’ga ehtiyot qismlar yetkazib beruvchi Qualcomm, Broadcom, Xilinx va Intel ham sanksiya domiga tortilib ketmaslik uchun, Huawei bilan hamkorlikni to‘xtatib qo‘yish so‘raldi. Qat’iy jazo choralari qancha davom etishi hali aniq emas.

Yangi «Yandeks»

Bir necha kun avval Moskva shahrida «Yandeks» ning an’anaviy anjumani bo‘lib o‘tdi. Rossiya kompaniyasi anjumanda yangi mahsulotlarini taqdim etib, kadrlar almashinuvi haqida ma’lumot bergan.

Avvalgi yillarda «Yandeks»  anjumanlarida yangi mahsulotlar taqdimotini o‘tkazgan bo‘lsa, bu yil ko‘proq e’tibor mavjud infratuzilmani takomillashtirishga qaratilgan. Shunga qaramay, yangi xizmat —«Mening efirim» iste’molchilarga taqdim etildi. Bu shaxsiy videokanal bo‘lib, unda film, serial, sport tadbirlari va boshqalar namoyish etiladi.  Xizmatning afzalligi shundaki, u iste’molchining istagiga ko‘ra dasturlanadi. Buning uchun televizorga 1990 rublga narxlanayotgan maxsus modulni ulash kerak.

«Alisa»ning imkoniyatlari oshdi. Endilikda «Yandeks»ning ovozli yordamchisi uydagi «aqlli» uskunalar bilan muloqot qila oladi.  «Alisa» yordamida «Yandeks.Avto» platfomasidagi avtomobil oynalarini tushirib, ko‘tarish va orqa bagajni ochish mumkin bo‘ldi.

Manba: Kun.uz

Bu maqola sizga qanchalar yoqdi?

Baxo qo'yish uchun yulduzchaga bosing!

O'rtacha baxo / 5. Baxolar soni:

Обновлено: 02.06.2019 — 12:20

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *